» » “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

“Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish, shu jumladan, sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilib, uning faoliyatini tartibga soluvchi qonun qabul qilingandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining sud hokimiyati mustaqilligi prinsipiga rioya etilishini taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyatidagi rolini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tarkibi va uni shakllantirish tartibi oʻzgartirilib, Kengash raisining oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanishi, Kengashning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va sudyalar orasidan tasdiqlangan oʻn bir nafar aʼzosi oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshirishi, Kengashning qolgan yetti nafar aʼzosi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi, Kengashning sudyalar orasidan tasdiqlangan va oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi oʻn bir nafar aʼzosi Kengash tomonidan uning raisi taqdimiga binoan Kengashning shoʻbasi hamda Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi tarkibiga, shu jumladan mazkur tuzilmalarning rahbarlari lavozimlariga saylanishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining asosiy vazifalari aniq belgilanib, shu bilan birga sudyalar orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni barvaqt aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish, sud tizimida aniqlangan har bir korrupsiya holatini koʻrib chiqish va prinsipial baholash, Kengashning hamda sud tizimining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish, sudyalarni kasbiy jihatdan tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, sudyalar faoliyati samaradorligini zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali baholashda xolislik va shaffoflikni taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan vazifalari qatʼiy koʻrsatilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishi uchun uning vakolatlariga ham tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlashni tashkil etilishi, rahbar sudyalik lavozimlariga nomzodlar zaxirasini shakllantirilib borishi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais oʻrinbosarlari va sudyalari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritishi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining raislari va rais oʻrinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari raislari va rais oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining raisi va rais oʻrinbosari lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnomalar kiritishi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislarini, ularning oʻrinbosarlari va sudyalarini, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari sudyalarini, tumanlararo maʼmuriy sudlarning raislarini, ularning oʻrinbosarlari va sudyalarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyalarini, hududiy harbiy sudlarning raislarini lavozimga tayinlashi; Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining sudyalik lavozimlariga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga qonunga muvofiq xulosalar (taqdimnomalar) kiritishi, ularni boshqa lavozimga oʻtkazishni, shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini sudyaning roziligi bilan besh yilgacha uzaytirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdimnoma kiritish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining, tumanlararo maʼmuriy sudlarning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining, hududiy harbiy sudlarning sudyalik lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshini sudyaning roziligi bilan besh yilgacha uzaytirish, sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvini oʻtkazish tartibini belgilash, sudyalarga va oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiruvchi Kengash aʼzolariga nisbatan xizmat tekshiruvlari oʻtkazash, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining Sudyalar oliy malaka hayʼatining qarorlari, xulosalari yuzasidan taqdimnomalarni koʻrib chiqish, sudyalar faoliyatini ochiq va shaffof elektron reyting dasturi asosida baholash mezonlarini aniqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish bilan bogʻliq boʻlgan vakolatlari belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining masʼuliyati oshirilib, Kengash faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi va Kengash zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan masʼul boʻlishligi belgilangan holda, sud hokimiyati mustaqilligini, sudyalar daxlsizligini taʼminlashga va odil sudlovni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar haqida, shuningdek sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakunlari boʻyicha axborot taqdim etishi tasdiqlandi.
Oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi oʻrinbosarining vakolatlariga tegishli oʻzgartishlar va boshqa muhim qoidalar kiritilib, sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshirish, uning faoliyati samaradorligini taʼminlash uchun javobgar boʻlishligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek axborot xavfsizligini taʼminlashga doir ishlarni tashkil etish, jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish, Kengash raisi yoʻqligida uning vazifasini bajarish masʼuliyati belgilandi.
Kengashning davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorligidagi munosabatlari ham koʻrsatilib, sudyalik lavozimiga birinchi marta, navbatdagi oʻn yillik muddatga va sudyalik lavozimida boʻlishning keyingi muddatsiz davriga tayinlanadigan (saylanadigan) nomzodning munosibligini aniqlashda, rahbarlik lavozimlariga nomzodni tayinlashda (saylashda) huquqni muhofaza qiluvchi organlardan zarur axborotni soʻrab olishi mumkinligi, oʻz navbatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar Kengashning soʻrovi olingan kundan eʼtiboran bir oylik muddatda tegishli xulosani taqdim etishi kerakligi, sudyalarning daxlsizligini buzganlik va odil sudlovni amalga oshirishga aralashganlik holatlari yuzasidan prokuratura organlariga taqdimnoma kiritishi mumkinligi, sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan taqdirda, sudya ushlangan paytdan eʼtiboran uch soatdan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga bu haqda ushlab turish uchun asos boʻlgan hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilingan holda xabar qilinishi shartligi belgilandi.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash tartibiga oʻzgartish va qoʻshimcha kiritilib, boʻsh sudyalik lavozimlari toʻgʻrisidagi axborot Kengashning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Sudyalik lavozimiga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni koʻrib chiqish muqobillik asosida amalga oshirilishi, sudyalikka nomzod boʻsh sudyalik lavozimlarini toʻldirish uchun tanlovda ishtirok etish toʻgʻrisida bevosita Kengashga ariza berish huquqiga egaligi, sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlarni, yangi vakolat muddatiga yoki boshqa sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlashda Kengash tomonidan belgilanadigan tartibda turli oʻrganish usullaridan — suhbat oʻtkazishdan, mustaqil ekspertlar tomonidan test sinovidan oʻtkazishdan, berilgan muammolar boʻyicha mavzuga oid referatlar tayyorlashdan, bilim darajasini aniqlash uchun elektron soʻrov dasturidan foydalanilishi mumkinligi, sudyalik lavozimiga nomunosibligi tufayli rad etilgan nomzod bir yil oʻtgach, boʻsh sudyalik lavozimini toʻldirish uchun eʼlon qilingan tanlovda ishtirok etishi toʻgʻrisidagi ariza bilan Kengashga takroran murojaat qilishi mumkinligi belgilandi.
Qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimcha natijasida ochiqlik va shaffoflik asosida sudyalar korpusini eng munosib kadrlar bilan taʼminlash mexanizmlari yanada takomillashtirilib, boʻsh sudyalik lavozimlariga nomzodlarning tanlov jarayonlarini internet jahon axborot tarmogʻi (shu jumladan, veb-sayt) orqali yoritib borilishiga, sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqib va amaliyotga tatbiq etilishiga, sudyalarning mustaqilligini taʼminlash orqali fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasi oshirilishiga, sud tizimida korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlari yanada rivojlantirilishiga erishiladi.
   M. Ergashev,
Jinoyat ishlari boʻyicha Toyloq
                                   tuman sudining raisi.                             

комментариев