Ishga tiklash haqidagi nizo boʻyicha ariza xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruq nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida bevosita sudga beriladi. MKning 270-moddasida belgilangan muddatlar prokuror, kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoxud xodimlarning boshqa vakillik organlari tomonidan beriladigan daʼvolarga nisbatan ham tatbiq qilinadi. Sudya daʼvo qilish muddati oʻtkazib yuborilgan degan asos bilan daʼvo arizani qabul qilmaslikka haqli emas. Sud daʼvo muddati uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb topsa, bu muddatni tiklaydi. Agar sud ishdagi hujjatlarni har tomonlama tekshirib, sudga murojaat qilish muddati uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilganligini aniqlasa, daʼvoni rad etadi. FPK 10-moddasi hamda FKning 153-moddasining 2-qismi mazmuniga koʻra, fuqarolik sud ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshirilishi tufayli daʼvogarning sudga murojaat etish muddatini oʻtkazib yuborganligi masalasi sud tomonidan faqat nizodagi tarafning bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi.Daʼvogarlar ishga tiklash haqidagi talab boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilinganligi, mehnat shartnomasini bekor qilishni asosliligini isbotlovchi dalillarni taqdim etish esa, qonun bilan javobgarga yuklatilganligi sababli (MK 111-moddasining ikkinchi qismi), ishga tiklash haqidagi daʼvo arizalarini FPK 189-moddasi birinchi qismining 6-bandi va 195-moddasi birinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha qaytarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Mehnat shartnomasi quyidagi sabablarga koʻra bekor qilinishi mumkin:
1) taraflarning kelishuviga koʻra. Ushbu asosga binoan mehnat shartnomasining barcha turlari istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin;
2) taraflardan birining tashabbusi bilan;
3) muddatning tugashi bilan;
4) taraflar ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra; 5) mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra. Mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi shart mehnat shartnomasida bu shartnoma ish beruvchi tomonidan korxona rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi boʻlmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilganda, shuningdek qonunda yoʻl qoʻyiladigan boshqa hollarda ham nazarda tutilishi mumkin.
Xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqlidir. Ogohlantirish muddati tugagandan soʻng xodim ishni toʻxtatishga haqli, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shart.
Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugamasdan oldin ham bekor qilinishi mumkin.
Nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asosli boʻlishi shart.
Quyidagi sabablardan birining mavjudligi mehnat shartnomasini bekor qilishning asosli ekanligini bildiradi:
1) texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi;
2) xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi yoki sogʻligʻi holatiga koʻra bajarayotgan ishiga noloyiq boʻlib qolishi;
3) xodimning oʻz mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzganligi. Avval mehnat vazifalarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼsir choralari qoʻllanilgan kundan eʼtiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan takroran intizomga xilof nojoʻya harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi;
4) xodimning oʻz mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzganligi. Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga olib kelishi mumkin boʻlgan mehnat vazifalarini bir marta qoʻpol ravishda buzishlarning roʻyxati: ichki mehnat tartibi qoidalari; korxona mulkdori bilan korxona rahbari oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi; ayrim toifadagi xodimlarga nisbatan qoʻllaniladigan intizom haqidagi nizom va ustavlar bilan belgilanadi. Xodimning oʻz mehnat vazifalarini buzishi qoʻpol tusga egaligi yoki ega emasligi har bir muayyan holda sodir qilingan nojoʻya harakatning ogʻir-yengilligiga hamda bunday buzish tufayli kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin boʻlgan oqibatlarga qarab hal etiladi;
5) oʻrindoshlik asosida ishlamaydigan boshqa xodimning ishga qabul qilinishi munosabati bilan, shuningdek mehnat shartlariga koʻra oʻrindoshlik ishi cheklanishi sababli oʻrindoshlar bilan mehnat shartnomasining bekor qilinganligi;
6) korxona rahbari, uning oʻrinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi boʻlmagan taqdirda esa, bosh buxgalter vazifasini amalga oshiruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi mulkdorning almashishi sababli bekor qilinganligi. Mazkur asos boʻyicha mehnat shartnomasini korxona mulk qilib olingan kundan boshlab uch oy mobaynida bekor qilishga yoʻl qoʻyiladi. Xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hamda boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan vaqti, uzrli sabablarga koʻra ishda boʻlmagan boshqa davrlari bu muddatga kiritilmaydi;
7) xodimning pensiya yoshiga toʻlganligi, qonunchilikka muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud boʻlganda.
Sudlarga xodimlarning huquq va qonuniy manfaatlarining buzilishlarini bartaraf qilishga yoʻnaltirilgan choralarni koʻrish zarurligiga alohida eʼtibor qaratadi, mehnat qonunlarining buzilishi boʻyicha aniqlangan faktlar yuzasidan xususiy ajrimlar chiqarib, munosabat bildiriladi.
V. Asqarov,
Samarqand viloyat sudining sudyasi.
комментариев