» » Haydovchi mast holda transport vositasini boshqarishi fuqarolarning oʻlimiga sabab boʻlishi mumkin

Haydovchi mast holda transport vositasini boshqarishi fuqarolarning oʻlimiga sabab boʻlishi mumkin

Hozirgi kunda transport infratuzilmasi tez surʼatlarda rivojlanib bormoqda. Shu bilan birga, transport bilan bogʻliq boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatlar soni ham ortgan. Ulardan biri transport vositasini mast holda boshqarishdir.
Haydovchi transport vositasini alkogolli ichimlik, giyovand modda taʼsirida yoki oʻzgacha tarzda mast holda boshqarsa, u kamida transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oyga va bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima toʻlashiga olib kelishi mumkin. Bu summaga hali transport vositasini jarima maydonchasiga qoʻyilgani uchun belgilangan jarima summasi ham qoʻshiladi. Demak, transportni mast holda boshqarish kamida 7 million soʻmga yaqin zarar bilan birga kamida 18 oygacha rulga oʻtirish huquqidan mahrum qiladi.
Transport vositasini alkogolli ichimlikdan, giyovand modda taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda transport vositalarini boshqarish huquqi boʻlmagan shaxs boshqarsa, bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solishga yoki oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Demak, fuqaro bunday holda salkam 11 million soʻm toʻlaydi yoki 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosini oladi. Fuqaro maʼmuriy qamoq davrida oʻz ish joyidan ayrilib qolish ehtimoli ham yoʻq emas.
Yurtimizda mast holda transport vositalarini boshqarganlik uchun bunday jazolar belgilanganligining sababi, ushbu huquqbuzarlikning oqibatida jamiyatga yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni kamaytirish hisoblanadi. Chunki fuqaro mast holda transport vositasini boshqarishi ogʻir oqibatlarga, hattoki, fuqarolarning oʻlimiga ham olib kelayotganining guvohi boʻlayapmiz (bu esa, jinoiy javobgarlikka olib keladi). Shu boisdan, haydovchilarni mastlikka yetaklovchi ichimliklarni isteʼmol qilgan holda transport boshqarmaslikka chaqiramiz.
 J. Arslanov
Samarqand viloyat sudining sudyasi.             
 O. Allayev
Jinoyat ishlari boʻyicha Toyloq tuman
sudining raisi.               
            

комментариев