
Zamon o‘zgarar ekan, insonlarning axborotga bo‘lgan ehtiyoji va uni qabul qilish shakli ham tubdan o‘zgarib bormoqda. Bundan bir necha yillar oldin ertalabki nonushtada gazeta varaqlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib hammaning boshi telefonga egilgan.
Bundan bir necha kun oldin ko‘p qavatli uylar orasida gazeta sotib o‘tirgan yoshi otaxonni ko‘rib qoldim. U kishiga salom berib, gazetalarni ko‘zdan kechira boshladim. Gazetalarning ba’zisining rangi uniqqan, chang bosgan ahvolda edi.
— Amaki, nega gazetalar bu ahvolda? — deb, so‘raganimda sotuvchi shunday javob qaytardiki, o‘zimdan, savolimdan uyalib ketdim.
— Ey qizim, sen oxirgi marta qachon gazeta olib o‘qigansan? Insonlar uchun gazetadagi xabar va ma’lumotlar emas, balki qo‘lidagi matohdan qidirib topgan oldi-qochdi, ur-yiqit, yondi, o‘ldi kabi shov-shuvli gaplar ustunroq bo‘lyapti. Qog‘ozga yozilgan so‘zning qadri qolmiyapti.
Sotuvchining oxirgi so‘zi meni ancha o‘ylantirdi. Chindan ham bugungi rivojlanib borayotgan zamonda yurtimizda gazetalarga e’tibor susaydi. Axborot oqimi jadal rivojlanganki, har kim istagancha yozadigan, baholaydigan, ishonchli ma’lumotdan ko‘ra ishonchsiz ma’lumotlar tobora ko‘payib borayotgan zamonda so‘zning salmog‘i pasayib borayotgandek. Ammo ziyoli qatlam haqiqiy va soxtasini oson ajrata oladi. Ular yangi avlodga eng ko‘p beradigan savollardan biri: «Nega kitob, gazeta, jurnal o‘qimay qo‘ydik?!»
Biz esa astagina boshimizni egamiz.
Raqamli texnologiyalarning hayotimizga keng kirib kelishi ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi. Yangiliklarni nashrlardan emas, gadjetlar orqali bir zumda topishga o‘rganib qoldik. Ijtimoiy tarmoqlarda onlayn axborot saytlarining soni ko‘payib, ularning hammasi ham to‘g‘ri va ishonchli ma’lumot bermayapti. Blogerlarning aksariyati «layk», ko‘rishlar soni ko‘payishi, obunachilari auditoriyasi kengayishi uchun sifatsiz, ishonarsiz mahsulotlarni reklama qiladi va minglab odamlarni ergashtiradi.
Eng qizig‘i, shov-shuvli bir ma’lumot bir soniyada bir kanalga qo‘yiladi, undan yuzlab kanallar ko‘chirib olib, tarqatadi, ko‘p o‘tmay, uning noto‘g‘ri ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi va o‘chirib tashlanib, o‘rniga boshqasi qo‘yiladi. Ba’zi kanallar bundan bexabar qolib, ma’lumotini o‘chirmaydi. O‘rtada odamlar orasida ixtilof yuzaga keladi.
Gazeta va jurnallarda esa har bir ma’lumot eng ishonchli manbalardan olinib, qayta-qayta tekshirilib, tahrirlanib, so‘ngra sahifalarga muhrlanadi. Kishini o‘yga toldiradigani «Gazeta nima uchun kerak? Hozir hamma narsa internetda borku!», deya bong urayotganganlarning bir nechtasi «Ustama uchun maqola chiqarishim kerak» yoki «Falon talovda qatnashayotgan edim, matbuotda nashr etilgan maqolangiz qani?, deb so‘rashdi, yordam beringizlar», deb tahririyat eshigiga kelganlariga guvoh bo‘ldim.
Xulosa qilib aytganda nashrlar hech qachon qadrini yo‘qotmasligi kerak. U qanday ko‘rinishda bo‘lishidan qat’iy nazar so‘z tafakkurni boyitadi, ko‘r qalblarni ochadi, haqiqatni ochib beradi, jamiyatni o‘zgartirishga xizmat qiladi.
Sevara RIZOQULOVA,
Termiz davlat universiteti Filologiya va tillarni o‘qitish fakulteti o‘zbek tili yo‘nalishi 4-kurs talabasi.
комментариев