» » "KELAJAK" tarbiyasi kimlar qo‘lida?

"KELAJAK" tarbiyasi kimlar qo‘lida?

 Kecha ma‘lum sabab bilan uyim yaqinidagi Maktabgacha ta‘lim tashkilotlaridan birida bo‘ldim. Darvoza hatlab qadam bosar ekanman, odat bo‘yicha eshik oldida meni to‘xtatishlarini, tibbiy niqobimni tekshirib, temperaturamni o‘lchab, kelib ketuvchilar ro‘yxatiga qayd etishlarini kutib navbatchi xodimni izladim. Biroq ancha turib qolganimni ko‘rgach, navbatchi xodim o‘rniga ust-boshlari chang-loy bo‘lgan soch-soqoli o‘sgan bir otaxon (taxminimcha tashkilot qorovuli bo‘lsa kerak) kelib kim kerakligini so‘radi. Men tashkilot rahbarini so‘raganimda, otaxon kiraverishda, o‘ngda dedi-yu, qorovulxonaga kirib ketdi. Ikkilanib binoga kirdim. Bolalarning qiy-chuv shovqini bilan to‘lgan bino foyesida betartib qalashib yotgan poyafzallar orasidan rahbar xonasiga yo‘l izlab turganimda biri uy kiyimidagi ikki ayol (gap-so‘zlaridan pedagog xodimlar(!) ekanligini bilildim) kelib qoldi. Rahbarni so‘raganimda "Hali kelmadi, kelib qolar kutib turing..." deyishdi-yu, shundoqqina eshik yonidagi o‘rindiqqa o‘tirib, "xasratlashish" ga tushishdi. Biri oilaviy muammolarini maroq bilan sherigiga gapira turib, turmush o‘rtog‘idan nolish fonida bor-yo‘q oilaviy sirlarini to‘kib socha boshladi. Bu orada uch-to‘rt bola kelib "ustozlari"ga ularga dars o‘tishi kerakligini eslatsalarda, suhbatdoshlar pinak buzay demasdi. Noqulay vaziyatga qolganligim vajidan bino ichkarisiga qadam bosdim. G‘ala-g‘ovur, karidor bo‘ylab bolalar yugurgan, eshiklarni ochib-yopib shovqin solishardi. Bir-ikkitagina "jonkuyar" bog‘cha opalar ularni tinchlantirishga harchand urinishlari besamar edi. Ochiq eshiklardan g‘uj-g‘uj bo‘lib "shirin suhbatga", ehtimol eshik yonida ko‘rganimdek "g‘iybatga" berilgan xodimlar,  bolalar yotoqlari, o‘rindiqlarga cho‘zilgan ish vaqtida dam oluvchilar ko‘zga tashlanar, ajablanarlisi ularning aksariyati meni payqashmas, payqashsada kimligimni, nega yurganimni so‘rashmasdi...
  Xullas, MTTda tashkilot rahbarini izlab o‘tkazgan o‘n besh daqiqam ajablanish, asabiylik, holatdan ranjish ruhida o‘tdi va rahbarni ham kutmay tashkilotni tark etdim. Vaholanki, tashrifdan maqsadim, MTT buguni haqida, ko‘rilayotgan yutuqlar, salohiyatli xodimlar va iqtidorli bolalar haqida ijtimoiy tarmoqlar uchun videorolik va maqola tayyorlash edi.
  To‘g‘ri, yo‘nalishim taqazosi bilan biroz bo‘rttirgan bo‘lishim, ushbu tashkilotda men ko‘rgan, ta‘bni xira qiladigan holatlar bilan birga yaxshi tomonlari ham bo‘lishi mumkindir, biroq biz o‘z kelajagimiz bo‘lgan bolalarni umid bilan topshirayotgan, soliq to‘lovchi xalqning davlat budjetidagi milliardlab mablag‘i kiritilayotgan Maktabgacha ta‘lim tashkilotlari va o‘sha tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘z-o‘zlarini isloh qiladigan payt kelmadimikan. Zero, siz ishga oilaviy muammolaringizni gapirishga, turmush o‘rtog‘ingiz, qaynonangiz, qo‘shningizni g‘iybat qilishga, davlat tomonidan sovutgichlar o‘rnatib, shinam qilib berilgan xonalarda yastanib dam olishga emas, balki bizning KELAJAGIMIZni o‘rinli tarbiyalab, kerakli ta'lim berishga borishingiz kerakligini unutmang!
 Ushbu maqolani o‘qiyotgan, yuqoridagi holatda o‘zini ko‘rgan MTT xodimlari, iltimos, o‘z-o‘zingizni isloh qiling. Yo‘qsa farzandlari kelajagi uchun qayg‘uruvchi ota-onalar nomidan aniq fakt va nomlar bilan bitilgan yangi maqola siz bugun faqat ko‘ngil ochish uchun tikilayotgan smartfoningiz yangiliklar bo‘limida aks etadi.

Madad BURXON.
Mustaqil jurnalist

комментариев