Bu - birgina voqea. Ammo uning ortida qanchalik chuqur muammo, qanchalik og'ir beparvolik yotganini ko'rmoqchimizmi? Bu begunoh bolakayning o'limi - jamiyatning aybi. Har birimizning sukutimiz, e'tiborsizligimiz, loqaydligimiz sabab bo'ldi bunga.
Qishloqlarda asfalt yotqizilishi katta voqea sifatida qaraladi. Ammo bu qulaylik, xavfsizlik va madaniyat bilan birga kelishi kerak bo'lgan mas'uliyat ekanini ko'pchilik unutadi.

Haydovchilar ham ba'zida e'tiborsiz: aholi yashaydigan hududdan o'tayotganini unutishadi, tezlikni pasaytirmay, e'tiborli haydamaydi. Xo'sh, bu holat oxir-oqibat nimaga olib keladi? Javob oddiy - fojiaga, qaytarib bo'lmas yo'qotishlarga.
Bizni aybimiz nimada bilasizmi? Aybimiz - farzandimizni nazoratsiz ko'chaga chiqarib yuborishimizda, yo'l chetini to'ldirib, yurishga, harakatlanishga to'siq bo'lganimizda, o'zimiz yo'l qoidalarini mensimay, bolalarga yomon o'rnak bo'lganimizda, ko'rib turgan muammoga indamay, sukut saqlab, ko'z yumganimizda.Aslida, biz barcha begunoh bolalarning ko'zida aks etgan umid, kulgi va hayotini himoya qilishimiz kerak edi. Afsuski, ko'plab qishloqlarda yo'l madaniyati deyarli yo'q. Asfalt yotqizilishi bilan madaniyat o'rnatilmaydi. Unda yurishni, undan foydalanishni ham o'rganishimiz kerak. Bizda yo'l madaniyati qachon shakllanadi? Nega har bir fojiadan keyin ham uyg'onmaymiz? Nega bolalarimizga xavfsiz o'yin maydonlari emas, yo'l chetini "sovg'a" qilamiz?
Bugun har bir mahalla, har bir ota-ona, har bir haydovchi bu savollar ustida jiddiy o'ylashi kerak. Faqat og'izda emas, amalda choralar ko'rish lozim. Bolalar uchun maxsus o'yin maydonchalari ajratilishi, ko'chalarda tezlikni cheklovchi belgilar o'rnatilishi, va albatta o'z navbatida shu qishloqda yashovchi fuqarolar ham ko'chani egallab olmay, 2-3 yildan keyin ishlatadigan tosh-shag'allariniyu, qishloq xo'jaligi ekinlarini yoymasdan, o'zlari ham tartibga rioya qilishlari, ota-onalar farzandlarini nazoratsiz qoldirmasliklari lozim. Mahalla faollari ham albatta bu masalaga befarq bo'lmasligi kerak.
Fojiani kutmaylik - oldini olaylik. Har bir bola bir umid, bir nur. Ularning hayoti - kelajagimiz. Shunday ekan, kelajagimizni ko'chada, mashina g'ildiragi ostida yo'qotish bu jinoyatga teng beparvolikdir.
Go'zal MUZAFFAROVA.
комментариев