» » Komil Allamjonovning "Allamjonov aybdor" asarini o‘qib...

Komil Allamjonovning "Allamjonov aybdor" asarini o‘qib...

  Kitobni o‘qiy turib Abdulla Qahhorning "o‘g‘ri" asari yodimga tushdi. "O‘g‘ri"da ho‘kizi o‘g‘irlangan cholning ishini to‘g‘irlab berish (Ho‘kizini topib berish) vajidan "amaldorlar" bechora cholni boplab shilishadi. Hatto qarindosh-urug'idan yig‘ilgan tuxumigacha ellikboshidan to Amingacha tortiq qiladi. Natijada asar mohiyatidan haqiqiy o‘g‘rilar kim ekanligi anglashiladi. Biroq ular har doimgidek "sutga chayilgandek oppoq". K.I. Allamjonov bosib o‘tgan yo‘lda ham "sutga chayilganlar" talaygina-yu, Aybdor -- Allamjonov. Allamjonov ushbu "aybdor" holatida ham tushkunlikka tushishni o‘ziga yot bilgani maqsad sari bosilgan odimlarni jasorat bilan bosganidan nishona. 
  Asarning pdf formatdagi elektron nusxasi qo‘limga tushishi bilanoq. Ushbu kitobni izlab topolmayotganlar, sotib olishga imkoniyati bo‘lmayotgan, chet eldagi do‘stlarga ulashishga tutindim. Bundan maqsad esa faqat va faqat ushbu kitobga chanqoq "tashna"larga ziyo va motivatsiya ilinmoq edi. Ijtimoiy tarmoqdagi profilim, e_pochtam orqali asarni jo‘natar ekanman hamon kitobga qiziqish mavjudligi, asarni ishtiyoq bilan o‘qiydigan, mushtoq kutayotganlar bisyorligi ruhlantirib yuborar edi.
Bu ishimdan norizolar, g‘ayirlik qiladiganlar, hatto "o‘g‘ri"(!) ga chiqarganlar ham bo‘ldi. Men ularga nisbatan Allamjonovcha harakat qildim - "It hurar - karvon o‘tar".  Zotan bu ishdan, ya‘ni asarning, ziyoning tarqalishidan muallif  Komil aka Allamjonovning o‘zlari mamnun bo‘lishlari turgan gap.
   Qarabsizki, sevimli mashg‘ulotim - maslakdoshlar bilan asarni muhokama qilib o‘qish imkoniyati tug‘ildi.
  O‘qir ekanman Allamjonov o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rdim. Afsuski asarning 10-15-sahifasidanoq yengilib, oddiy "qora" xalq vakiliga aylandim-qoldim. Bu go‘yoki narvonning birinchi pog‘onasiga oyoq qo‘yib, ikkinchi pog‘onadagi tikonlardan qo‘rqib pastga qaytish, yoxud shu pog‘onada muqim qolishdek gap edi. 
Allamjonov esa har bir pog‘onadagi to‘siqni yengib o‘ta olishi va bu jarayonning aks etilishi haqiqiy motivatsiya bera oladigan omil edi.
  Allamjonovni o‘zim uchun yana bir bora o‘zgacha siymoda kashf etdim. O‘z maqsadim sari har qanday to‘siqdan (yosh, pul, yo‘ldan ozdiruvchilar, poyingga bolta chopuvchilar va b.) tap tortmay "Allamjonovcha qadam" tashlashga tutindim. Va bu holat asarni o‘qigan va uqa olgan har bir kitobxon uchun tanish holat menimcha.
Aytgancha hali kitobni tugatmadim. Ba‘zi joylarini mukammalroq tushunish uchun 3-4 qayta mutolaa qilish, muallif tomonidan qora bilan o‘chirilgan ( bunga men bizni qon-qonimizga singib ketgan, to‘laligicha voz kecha olmaydiganimiz - ichki senzura sabab deb o‘yladim.) joylarini o‘qishga harakat qilib ko‘rish vajidan vaqt talab qilyapti. 
  Xullas asarni o‘qimaganlarga o‘qishni, hech yo‘q bir ko‘zdan kechirib chiqishni; ishtiyoq bilan o‘qiganlarga esa yana bir bor mutolaa qilishni tavsiya qilaman...
  
 Aytgancha, So‘zim boshida keltirganim "o‘g'ri" asaridagi kabi bugungi jamiyatimizdagi "haqiqiy o‘g‘rilar" haqida ham keyingi qoralamalarimda nemadir deyman. ( Illo endi bunga hojat bo‘lmasada)...
Madad Burxon
01.07.2021-y

комментариев