» » RAHBAR KADRLAR VA MASʼUL LAVOZIMLARGA TAYINLANADIGAN SHAXSLARNING DAVLAT TILINI BILISHI KERAKMI? ENDILIKDA RAHBARLARGA HAM O‘ZBEK TILINI BILISH TALABI QO‘YILADIMI?

RAHBAR KADRLAR VA MASʼUL LAVOZIMLARGA TAYINLANADIGAN SHAXSLARNING DAVLAT TILINI BILISHI KERAKMI? ENDILIKDA RAHBARLARGA HAM O‘ZBEK TILINI BILISH TALABI QO‘YILADIMI?

Maʼlumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda nafaqat davlat tiliga eʼtibor kuchaydi, balki turli bo‘g‘in rahbarlarining va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan kadrlarning o‘zbek tilini bilish darajasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 592-son qaroriga muvofiq “Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi. Qaror bilan 2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, alohida dt.dtm.uz  onlayn platformasi ishlab chiqildi. Test topshiriqlari davlat tilida ish yuritish o‘quv dasturiga ko‘ra lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida shakllantirilmoqda.
Topshiriqlarda talabgorning publitsistik, ilmiy-ommabop va rasmiy matnni o‘qib tushunish hamda imlo qoidalarini to‘g‘ri qo‘llay olish ko‘nikmalari baholanadi. Aytish kerakki, rahbar kadrlarning hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash tizimi odatdagilaridan farq qiladi. Bunda savollar “yopiq” va “ochiq” turlarga bo‘lingan. Yopiq test – talabgorga bir nechta javob variantlari bilan beriladigan topshiriqlardir. Talabgorga test sinovida o‘qib tushunish, yozma adabiy meʼyorlar, yaʼni imlo qoidalari, so‘z va qo‘shimchalarni qo‘llashga oid hamda tinish belgilarining ishlatilish o‘rinlari yuzasidan yopiq testlar beriladi. Bunda talabgordan to‘g‘ri javobga ega muqobil javobli topshiriqlarni ishlashi talab etiladi. Ochiq testda esa muqobil javob variantlari berilmaydi, yaʼni talabgor tomonidan javoblar varaqasi qisqa yoki kengaytirilgan shaklda yozib to‘ldiriladi. Shuningdek, imtihon topshiruvchi rasmiy hujjatni shakllantira olishi va bugungi kundagi dolzarb va rahbarlik faoliyatiga oid mavzularda esse yoza olishi kerak. Boshqacha aytganda, davlat tilida fikr bayon qilish ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkaziladi.
Sinov variantlari hozirda 14 ta vazirlik va idoralarning masʼul lavozimlarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlari ishtirokida aprobatsiyadan o‘tkazildi.
2021-yil 5-may kuni respublikamizning barcha hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar test sinovlarini topshirishlari rejalashtirilgan. Bunda test sinovlari hududlardagi oliy taʼlim muassasalari auditoriyalarida karantin talablariga qatʼiy rioya qilingan holda Davlat test markazining hududiy bo‘limlari tomonidan tashkillashtiriladi. Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan anʼanaviy shaklda, to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi. Jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali translyatsiya qilib boriladi.
Test sinovlari bepul tashkil etiladi. Lekin test sinovidan o‘ta olmagan va sinovlarda qayta ishtirok etadigan talabgorlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari mikdorida to‘lovni amalga oshirishi lozim. Buning uchun talabgorga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 14 xonalik raqamdan iborat invoys shakllantiriladi. To‘lovni Click, Payme, Upay va Paynet kabi elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshirish mumkin.
Natijalar test sinovi yakunlangandan so‘ng (yopiq testlar 3 kun, ochiq testlar 15 kun ichida) eʼlon qilinadi va eng yuqori ballning kamida 70 foizini to‘plagan shaxslarga sertifikat beriladi. Bunda talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuklab oladi. Mazkur jarayonlarning barchasi elektron tarzda amalga oshiriladi.
Sertifikatni amal qilish muddati 5 yil bo‘lib, mazkur davr davomida nomzod qayta imtihon topshirishi talab etilmaydi. Yaʼni boshqa lavozimga o‘tganda ham faoliyatini davom ettira oladi.
Test natijalari dt.dtm.uz saytida eʼlon qilinadi.
Agar talabgor o‘z javoblari natijasidan qoniqmasa, test natijalari to‘liq eʼlon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida apellyatsiya arizasini berishi mumkin.

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi axborot xizmati
 

комментариев