Odam savdosi – global muammo

Dunyo globallashuvning keng qamrovli imkoniyatlari, zamonaviy axborot kommunikasiya texnologiyalarning beqiyos qulayliklari bugungi jahon taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani shubhasizdir.
Inson va uning hayoti qadimdan insoniyatning diqqat markazida turgan asosiy masala boʻlib kelgan. Barcha qulayliklar ham aslida inson manfaatini koʻzlab yaratilgan. Biroq 21-asr inson uchun juda koʻp salbiy unsurlarni olib keldi. Odam savdosi shunday illatlar jumlasidandir. Tez va oson yoʻllar bilan boylik orttirishga intilgan, mol-davlatga hirs qoʻygan kimsa hayotining nopok yoʻllaridan yurishga odatlanib qoladi va oxir-oqibat jinoyat sodir etadi.
BMT ekspertlarining fikriga koʻra, jinoiy tashkilotlarning har yili odam savdosidan olayotgan daromadlari 5-7 mlrd.AQSh dollarini tashkil etmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, odam savdosidan jabrlanganlar yuz minglab va hatto millionlab (ayrim maʻlumotlarga koʻra 2,7 mln)nafar boʻlib, ularning   80 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda 4 mln nafarga yaqin odamlar har yili majburiy mehnatdan foydalanish uchun davlatlar chegarasi orqali oʻtkaziladi.
Mamlakatimiz Konstitusiyasining 13-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi sha’ni qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi qat’iy belgilab qoʻyilgan. Darhaqiqat, yurtimizda amalga oshirilayotgan isloxotlarning oliy maqsadi ham xalqimizda munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iborat. Yani islohot-islohot uchun emas, inson uchun, uning farovon hayoti uchun xizmat qilishi kerak. Har bir insonning hayoti takrorlanmas va oʻziga xos koʻrinishga ega. Kishiga bir marotaba hayot kechirish imkoniyati beriladi. Bu hayotni qadrlash muhim ma’naviy qadriyatlardan hisoblanadi. Ammo soʻngi paytlarda shaxslar oʻzlarining g’arazli maqsadlari yo’lida oʻzaro til biriktirib jinoiy guruhlar tuzmoqdalar. Bunday kimsalar odamlarni aldab olib borib, ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanish bilan bog’liq odam savdosi jinoyatlarini sodir etishmoqda. Buning natijasida ayrim fuqarolarimiz begona yurtlarda aldanib, erkidan mahrum boʻlib, sarson-sargardonlikda qolib ketishmoqda.
Fuqarolarimizning ishonuvchanligi, oʻz huquqlarini toʻliq bilmasligi, tez va oson yoʻllar bilan boyib ketish istagini kuchliligi, giyohvandlikga ruju qoʻyishi oiladagi salbiy muhit, ota-onalar tomonidan farzandlarga berilayotgan tarbiyaning yetarli emasligi, nazoratsizlik, axloqsizlik hamda uyushgan jinoiy guruhlar ta’siriga tushib qolish oqibatida ushbu jinoyatlar sodir etilmoqda.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, odam savdosiga qarshi kurashish bugungi kunda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning, balki mamlakatimizda yashayotgan oʻzining yurtiga, xalqiga, oilasiga va yaqinlarining hayoti hamda kelajagiga befarq boʻlmagan barcha fuqarolarning oldida turgan ma’suliyatli vazifadir. Ushbu illatga qarshi kurashish uchun fuqarolar doimo hushyor boʻlishi lozim.

A.M. Xoʻjaev,
Samarqand harbiy prokuraturasi
 tergovchisi, adliya leytenanti.

комментариев