» » Aholini ro‘yxatga olish targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

Aholini ro‘yxatga olish targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “2023-yilda  aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 12-dekabr kuni viloyat statistika boshqarmasi ro‘yxatga olish va jarayonlarni tashkil etish bo‘limi mutaxassisi K. Temirov va Toyloq tuman statistika bo‘limi boshlig‘i A. Normuratovlar ishtirokida Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida aholini ro‘yxatga olishtarg‘ibot-tadbiri o‘tkazildi.
Uchrashuvda aholini ro‘yxatga olish mavzusida tayyorlangan video-rolik ishtirokchilarga namoyish etildi. Tadbirni Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori U. Qurbonov ochib berib, yig‘ilganlarga ushbu tadbirning maqsadi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi. 
Shundan so‘ng, Viloyat statistika boshqarmasi ro‘yxatga olish va jarayonlarni tashkil etish bo‘limi mutaxassisi K.Temirov aholini ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyati, ahamiyati va uni o‘tkazish nima uchun zarurligi to‘g‘risida to‘xtalib, respublikamizda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish kerakligi, hozirgi kunda ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati va kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berdi.
Ishtirokchilarga, ushbu tadbirni o‘tkazish jarayonida yuzaga keladigan savollar yuzasidan tushunchalar berildi. Bu jarayonning o‘tkazilishi muhimligi va uning respublikamizning barcha yo‘nalishlarida muhim o‘rni haqida to‘xtaldi. 
Xususan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligi yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida xizmat qilishi, aholi punktlarining infratuzilmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqishda ishlatilishi ta’kidlab o‘tildi. 
U. Qurbonov  maktab o‘qituvchilari va ularning oila a’zolarini ushbu tadbirda faol ishtirok etishlariga targ‘ib qilishda ko‘maklashishlarini bildirishdi.
Uchrashuv so‘ngida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
          A. Normuratov,
Toyloq tuman statistika bo‘limi boshlig‘i

комментариев