» » Toyloq tuman hokimi Bahodir Bobonazarovning tuman ahliga bayram tabrigi

Toyloq tuman hokimi Bahodir Bobonazarovning tuman ahliga bayram tabrigi

 Qadrli toyloqliklar!

Ona diyorimizga barchamiz orziqib kutgan, yangilanish va yasharish fasli – Navro‘zi olam kirib keldi. Shunday ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan siz, muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarni, kattayu kichik barcha tumanimiz ahlini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Aziz do‘stlar!

      Bu yilgi Navro‘z shodiyonasini  mehr-muruvvat, xayr-saxovat oyi muborak Ramazon oyining tarovatli kunlarida ko‘tarinki ruhda nishonlayapmiz.    
      Fasli bahorni bejizga bayramlar mavsumi deyishmaydi. 22-mart kuni yana bir go‘zal ayyom - “Mahalla tizimi xodimlari kuni”ni ham nishonlaymiz. Milliy o‘zligimiz timsoli bo‘lgan mahallalarimiz yurtimizda tinchlik va ahillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik makoniga aylangani bilan  barchamiz behad faxrlanamiz. O‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz tomonidan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Buni biz tumanimiz misolida, "Obod xonsdon, obod ko‘cha, obod mahalla" tamoyili asosida ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan Tepaqishloq mahallasi misolida ham ko‘rib turibmiz.
      Fursatdan foydalanib mahalla tizimida faoliyat olib borayotgan barcha fidoyilarni ushbu sana bilan qizg‘in muborakbod etib, xalqimiz  farovonligi yo‘lidagi ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar  tilayman.

Hurmatli tumandoshlar!      

      Xalqimizning eng go‘zal ayyomi Navro‘zi Olam  barchangizga  yana bir bor muborak bo‘lsin! Sharqona Yangi yil  yurtimizga tinchlik, omonlik, baxt-saodat, qut-baraka olib kelsin! Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar bo‘lsin! Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Bahoriy ko‘tarinkilik yil davomida sizni tark etmasin!

комментариев