Suv tekin emas

Tuman hokimi Bahodir Bobonazarov 1-sektor hududidagi agrofirma rahbarlari va fermer xo‘jaliklari raislari bilan uchrashib, barcha fermerlarga suvni tejashda avvalambor, o‘z hududidagi ariq-zovurlarni kovlashi va uni betonlashtirib, lotok qilish ishlarini bajarishi bo‘yicha topshiriq bergan edi.
    Shundan so‘ng “Qo‘shchinor” gazetasining bir guruh muxbirlari joylarga chiqib, hududlardagi ahvolni o‘rgandi. Agrofirma rahbarlari va fermer xo‘jaligi raislarining o‘z ishiga nisbatan qay darajada mas’uliyatli ekanligi  bilan qiziqdi. Jumladan, Qo‘rg‘oncha MFYga qarashli Kattaqishloq hududida joylashgan Baxshitepa agrofirmasi “Baxriddinov Shohjahon”, “Hazratqul Oltin bog‘i” fermer xo‘jaliklari mas’uliyatni qisman his qilgan chamasi ariqlar va  zovurlar tozalangan, kovlangan, lekin, ishlar chala qolib ketgan.
 Navbahor MFYdagi “Sattorbek Saxovati”, “Doston-Begzod dalasi”, “To‘ramurod Ortiqov” fermer xo‘jaliklarida ishlar o‘z yakuniga yetkazilgan, ammo, Navbahor MFY hududidagi barcha ariq va zovurlar tozalangan deb aytolmaymiz. Xususan, Naqashon qishlog‘iga kirib borishning o‘zidayoq axlatlar va suv o‘tlari bilan to‘lgan ariqqa ko‘zingiz tushadi-yu dilingiz xira tortadi.
Balki mahalla mas’ullarining bunday xunuk holatlarga ko‘zlari tushmagandir, biroq kichik beparvolik katta xatolarni keltirib chiqarishini unutmasligimiz kerak.
A. ORZIMURODOV.

комментариев