Xazonni yoqmang!

Hurmatli Varsin mahalla ahli!
Mahallamizda so‘nggi vaqtlarda jiddiy ekologik muammo kuchayib bormoqda — barg va xazon yoqish holatlari keskin oshdi. Bu amaliyot bir qaraganda oddiydek ko‘rinsa-da, aslida sog‘ligimiz, farzandlarimiz va mahallamizning ekologik kelajagi uchun katta xavf tug‘diradi.
Afsuski, ushbu muhim masalada javobgar bo‘lgan ayrim shaxslar — yetarli e’tibor qaratmayapti. “Odamlar bilan yomon bo‘lib qolmaylik” degan andisha amaliy choralar o‘rnini bosayotgandek. Ammo toza havo — bu kelishish masalasi emas. Bu hayot sifatining eng asosiy talabi.

Men ushbu masalani ko‘tarib chiqqanim uchun ayrim fuqarolarning ko‘ziga “BALO”day ko‘rinayotganimni ham bilaman. Hattoki telefon qilib norozilik bildirganlar ham bo‘ldi. Mayli, agar toza havoni himoya qilish uchun “BALO”day ko’rinish kerak bo‘lsa — men bunga tayyorman. Chunki bu mahalla bizniki, havosi — bizniki, kelajagi — farzandlarimizniki.

Shu sababli, barcha Varsin mahallasi fuqarolariga murojaat qilaman:
Barg yoqish nafaqat qonunga zid, balki sog‘liqqa bevosita zarar.
Atmosferaga chiqayotgan tutun — bolalar, keksalar, yurak va nafas yo‘llari muammosi bor insonlar uchun yengilmas yuk.

Hurmatli mahalla faollari va mas’ul rahbarlardan iltimos qilamiz:
— Aholiga tushuntirish ishlarini kuchaytirish;
— Qoidabuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish;
— Ushbu masalani yuqori tashkilotlar darajasiga ko‘tarishda ko‘makchi bo‘lish.

Bugun jim turish — ertaga yanada chuqurroq muammoga yuz tutish demak.
Toza havo — bu hammamizning umumiy boyligimiz. Bu masala bir odamning emas, butun mahallaning mas’uliyati.

Men hech kimga qarshi emasman. Maqsadim — sog‘lom muhit, pok havo, xavfsiz turmush sharoiti. Agar birlashsak, muammoni yechamiz. Agar har kim yon tomonga qarab jim tursa — hammamiz birdek zarar ko‘ramiz.

Keling, birga harakat qilaylik. Varsin mahallasi havosi — Varsin farzandlarining kelajagi.
 
Azim Umarov, 
Varsin mahallasida yashovchi fuqaro. 

комментариев