» » “Halollik vaksinasi” – yoshlar qalbiga ezgulik urug‘i

“Halollik vaksinasi” – yoshlar qalbiga ezgulik urug‘i

Ixtisoslashgan maktabda o‘tkazilayotgan “Kelajak soati” dars mashg‘ulotlarining navbatdagi mavzusi “Halollik vaksinasi” deb nomlandi. Mazkur dars yoshlar ongida halollik, vijdon, mas’uliyat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratildi.
Dars mashg‘ulotini tuman hokimi Behzod Raxmatullayev olib bordi. U o‘z nutqida halollik inson hayotidagi eng muhim fazilatlardan biri ekanini, ayniqsa yoshlar uchun bu tushuncha kelajak poydevori bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
“Halollik vaksinasi” iborasi ramziy ma’noda qo‘llanib, jamiyatda uchrashi mumkin bo‘lgan illatlarga — poraxo‘rlik, loqaydlik, yolg‘on va mas’uliyatsizlikka qarshi kuchli ma’naviy immunitet hosil qilish zarurligini anglatadi.
Tuman hokimi yoshlarni bilim olishga, o‘z ustida ishlashga, ota-onaga hurmat va Vatanga sadoqat ruhida yashashga chaqirdi. Shuningdek, davlatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ochiq va shaffof boshqaruv tizimining ahamiyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Dars jarayonida o‘quvchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, halollik haqida hayotiy misollar keltirdilar hamda mavzu yuzasidan savollarga javob oldilar.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:👇
🌐Website |📲 Telegram | 💻Facebook |🖥 Instagram | 📹 Youtube

комментариев