

Tumanimizdagi tadbirkorlarning aksariyati asosan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bilan shugʻullanadi.
Hududimizdagi eksportyor korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida viloyatdagi soha xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun tuman hokimligi tomonidan Press-tur tashkil qilindi.
Usmon Rahmonqulov rahbarlik qilayotgan “Agro kompleks” fermer xoʻjaligi 2017 yil may oyida faoliyatini boshlagan. Korxona qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, tovuqchilik, yem ishlab chiqarish va goʻsht yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Innavatsioan texnologiyalarning tatbiq etilishi natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifat koʻrsatkichlari yaxshilanib, qoʻshni davlatlar bozorlarida raqobatbardoshligi taʼminlanishiga erishilmoqda.
— Bugungi kunda xoʻjaligimizda 65 nafar ishchi mehnat qiladi.

Joriy yilda shartnoma asosida Tojikistonga 300 tonna qadoqlangan yem eksport qilindi. Kelajakda boshqa davlatlarga ham joʻja va yem eksport qilish rejalashtirilgan.
Inkubatsion sexdagi joʻja ochirish jarayoni bilan qiziqdik. Bu yerda Rossiyadan keltirilgan 8 ta apparatning har biriga 45 mingtadan, Xitoydan keltirilgan 3 ta jamlanmaga esa 60 mingta tuxum joylashtirilar ekan. Joʻjalar ochib chiqqan kuni vaksinatsiya jarayonidan oʻtkazilib, maxsus mashinalar bilan boqish sexlariga joʻnatiladi.
— Bu yerda ular yuqumli kasalliklarga qarshi 3 xil vaksina bilan emlanadi — deydi, korxona veterinari Muhriddin Nazarov. — Turli vitaminlar bilan boyitilgan yemlar orqali 30-35 kun boqiladi. 21 ta sexning har birida nazoratchilar
binodagi harorat, havoni tozalash tizimi, suv, ozuqa sifatini doimiy ravishda nazorat qilib turishadi. Bu yerda barcha ish avtomatlashtirilgan holda olib boriladi. Samarqand va Toshkent shaharlaridagi xaridorlarimizning talablarini inobatga olgan holda tovuq goʻshti yetkazib beramiz. Hozirgi vaqtgacha respublikamizdan tashqari qoʻshni davlatlarga 300 mingta joʻja eksport qildik.
Oʻz ishiga mehr bilan yondashgan xodimlarning niyatlari bisyor. Ular kelgusida sexlar sonini oshirib, faoliyat turlarini kengaytirib, yangi ish oʻrinlari yaratishni maqsad qilishgan.
Press-tur soʻngida mutaxassislar va OAV vakillari eksportning ortib borishi grafigi asosida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
D. KAMOLOVA.
комментариев