» » Mahmudxo‘ja Behbudiy nomli stipendiya — yoshlar uchun ilhom manbai

Mahmudxo‘ja Behbudiy nomli stipendiya — yoshlar uchun ilhom manbai

Toyloq tumanining faxrli farzandi, Baxshtepa mahallasida tug‘ilib voyaga yetgan, hozirda Toshkent viloyatida istiqomat qilayotgan “Innotex Invest” MCHJ rahbari Hodiyev Abdulloh 2021-yildan buyon yoshlar ta’limiga e’tibor qaratib, ularga rag‘bat bo‘layotgan ezgu tashabbusni yo‘lga qo‘ydi.
Uning tashabbusi bilan Toyloq tumanidagi 15- va 17-sonli umumta’lim maktablarida Mahmudxo‘ja Behbudiy nomli stipendiya yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu loyiha o‘quvchilar orasida bilimga, izlanishga va yangilik yaratishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib kelmoqda.
Har o‘quv yilida ikki maktabda test sinovlari tashkil etilib, har bir sinfda eng yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar oylik 100 ming so‘m miqdoridagi stipendiya va faxriy sertifikat bilan taqdirlanadi. Shuningdek, yosh ixtirochilarga ham alohida e’tibor berilib, har bir maktabdan 3 nafardan o‘quvchi ixtiro yo‘nalishida stipendiya sohibi bo‘ladi.
Qoidalarga ko‘ra, har bir sinfdan bitta eng yuqori ball to‘plagan o‘quvchi yoki 75 balldan yuqori natija ko‘rsatgan barcha o‘quvchilar stipendiya olish huquqiga ega. Yangi — 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab stipendiya miqdori 150 ming so‘mga oshirildi. Shu yil davomida ikki maktab o‘quvchilariga jami 3 million 900 ming so‘m miqdorida Mahmudxo‘ja Behbudiy stipendiyasi topshirildi.
Mazkur tashabbus yoshlarda bilimga muhabbat, raqobat ruhini kuchaytirish, ixtirochilik salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda Mahmudxo‘ja Behbudiy merosini e’zozlashga xizmat qilmoqda.
Bu ezgu ishlar orqasida yoshlar ta’limini rivojlantirishga, yurtimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan, saxovatli inson — Hodiyev Abdullohning samimiy tashabbusi mujassamdir.
A. RAHIMOVA.

комментариев