2025 yil 24 dekabr kuni О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026–2030-yillarga mо‘ljallangan Bolalarni zо‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash tо‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon “Bolalarni zо‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tо‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish hamda jamiyatda bolalarga nisbatan zо‘ravonlikning barcha shakllariga bо‘lgan murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida qabul qilindi.
2026 yil 1 fevraldan boshlab zо‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va о‘ziga nisbatan zо‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bо‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bо‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yо‘lga qо‘yiladi.
Bolalar professional tutingan oilaga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va mazkur oilalar о‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi. Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq tо‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ tо‘lab boriladi.
Bundan tashqari, har bir bolaning yashash xarajatlari uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.
2026 yil 1 sentabrdan boshlab zо‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga va zо‘ravonlikka guvoh bо‘lgan bolalarga ular tegishli protsessual xatti-harakatlarga jalb etilgan vaqtdan e’tiboran davlat hisobidan yuridik yordam kо‘rsatiladi.
Bolalarga nisbatan ularning qonuniy vakillari yoki boshqa qarindoshlari tomonidan zо‘ravonlik holatlari bо‘yicha ishni sudga qadar yuritish va sud muhokamasi jarayonlaridagi barcha protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organi vakili majburiy tartibda ishtirok etadi.
“Mehrli oila” xizmatiga jalb qilingan ota-onalar (ularning о‘rnini bosuvchi shaxslar)ga farzandlarining psixofizik xususiyatlarini inobatga olgan holda oilasi bilan buzilgan munosabatlarni tiklash va ularning ijtimoiylashuviga kо‘maklashish uchun “oilaviy terapiya” xizmatlari bepul kо‘rsatiladi.
Farmonda zо‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va о‘ziga nisbatan zо‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bо‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bо‘lgan bolalar himoyasi va manfaatlari uchun yana qator vazifalar belgilangan.
Husniddin AMINOV,
Jinoyat ishlari boyisha Toyloq tumani sudining raisi

комментариев