» » Aliment toʻlashdan boʻyin tovlashning oqibati yomon

Aliment toʻlashdan boʻyin tovlashning oqibati yomon

Aliment olish huquqiga ega boʻlgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan soʻng qancha muddat oʻtganidan qatʼi nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.  Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi.Alimentni oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun javobgarlik;
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuvga muvofiq aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa, aybdor shaxs ushbu kelishuvda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Sudning hal qiluv qaroriga koʻra aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning aybi bilan qarz vujudga kelgan boʻlsa, aybdor shaxs kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlanmay qolgan aliment summasining oʻndan bir foizi miqdorida aliment oluvchiga neustoyka toʻlaydi.
Aliment oluvchi aliment oʻz vaqtida toʻlanmaganligida aybdor aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsdan aliment toʻlash majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarmaganlik oqibatida yetkazilgan barcha zararlarning neustoyka bilan qoplanmagan qismini undirishga ham haqlidir.
Aliment toʻlamaganlik uchun javobgarlik;
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik, yaʼni qarzdorning daromadlari va mulkiy ahvoli haqida notoʻgʻri maʼlumotlar berganlik, ijro hujjatini yoʻqotganlik, undiruvni qarzdorning ish haqidan hamda unga tenglashtirilgan toʻlovlardan ushlab qolish uchun yuborilgan ijro hujjatlarini ijro etish, ularning hisobini yuritish va ularni saqlash tartibini buzganlik, shuningdek qarzdor oʻzining yangi ish, oʻqish joyi, pensiya va boshqa daromadlar olish joyi haqida maʼlum qilmaganligi javobgarlikka sabab boʻladi.
Muayyan harakatlarni sodir etish yoxud ularni sodir etishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatini bajarishdan boʻyin tovlashni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin davom ettirish, shuningdek sud hujjatining ijro etilishiga toʻsqinlik qilish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Aliment toʻlashdan bosh tortganlik uchun javobgarlik;
Voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment toʻlash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslar ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa javobgarlikka sabab boʻaldi.
Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj boʻlgan ota-onani yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlashi, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamasligi, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa javobgarlikka sabab boʻladi.
Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlar oldindan toʻlangan yoki aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa, shaxs aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi. Alimentlarni oldindan toʻlash, shuningdek aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash boʻyicha garov shartnomasini      tuzish  tartibi  Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.  Alimentlar summasini oldindan toʻlash yoki alimentlar toʻlash majburiyatini taʼminlash boʻyicha garov taqdim etish faqat qarzdorning aliment toʻlovlaridan qarzdorligi mavjud boʻlmaganda amalga oshiriladi.Alimentlarni oldindan toʻlash oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadga nisbatan ulushlar hisobida belgilangan boʻlsa, oldindan toʻlangan alimentlar uchun keyingi davrlarda aliment toʻlovchining oylik ish haqi va (yoki) boshqa daromadi koʻpayishi natijasida vujudga keladigan qoʻshimcha aliment toʻlovlarini toʻlashdan ozod qilmaydi.Alimentlarni oldindan toʻlash yoki aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash uchun garov shartnomasining tuzilishi davlat ijrochisi yoki sud tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ilgari belgilangan Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanadi.
Amaldagi MjTkning 474-moddasiga koʻra moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik oʻn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga yoki bir yuz yigirma soatgacha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga yoxud ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy jazolarning mazkur turlari qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish jarayonida aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda toʻlagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Aliment olish huquqiga ega boʻlgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan soʻng qancha muddat oʻtganidan qatʼi nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
 Amaldagi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga koʻra moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib ikki oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.Oʻsha qilmish xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan boʻlsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.Agar shaxs aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni toʻliq toʻlagan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi.
  J. Arslanov,
Samarqand viloyat sudining sudyasi.             

  O. Allayev,
Jinoyat ishlari boʻyicha Toyloq tuman
sudining raisi.       
                

комментариев