» » Toyloqda “Kumush tola” mavsumi boshlandi: pillakorlarga ehtirom ko‘rsatildi

Toyloqda “Kumush tola” mavsumi boshlandi: pillakorlarga ehtirom ko‘rsatildi

Toyloq tumanida ipakchilik mavsumining eng muhim bosqichlaridan biri — pilla topshirish jarayonlariga rasman start berildi.


“Toyloq Silk” MCHJda tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Behzod Raxmatullayev, tuman mas'ul rahbarlari, qishloq xo‘jaligi bo‘limi mas’ul xodimlari va bir guruh faollar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida kechayu kunduz mehnat qilib, oqlik va poklik timsoli bo‘lgan ipak qurtlarini parvarishlagan pillakorlarga alohida e’tibor qaratildi. Tuman rahbariyati tomonidan ular uchun samimiy choy suhbati tashkil etilib, esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu esa mehnatkash insonlarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Joriy yilda Toyloq tumanida 3300 quti ipak qurti urug‘i parvarishlanib, 198 tonna qimmatbaho sanoat xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun 590 ta fermer xo‘jaligi bilan ichki shartnomalar tuzilgan.

Ayni paytda yetishtirilgan pillaning har bir kilogrammi uchun pilla korxonasi tomonidan 40 ming so‘mdan, 15 mingdan davlat subsidiyasi to‘lanayotgani pillakorlarning manfaatdorligini yanada oshirmoqda. Bu esa tumanda ipakchilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

комментариев