» » Statistik raqamlarda tumanimiz koʻrsatkichlari

Statistik raqamlarda tumanimiz koʻrsatkichlari

Barcha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Toyloq tumani boʻyicha 2023 yilning oʻtgan olti oy yakunlariga koʻra iqtisodiyotning qariyb barcha sohalarida oʻsish surʼatlari koʻzga tashlandi.
Jumladan, Joriy yilning 1 iyul holatiga koʻra Toyloq tumanining doimiy aholisi soni  217 ming 9 yuz kishini tashkil qilmoqda. 
Shuningdek, joriy yilning 1 iyul holatiga koʻra, tumanda Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri maʼlumotlar bazasiga (KTYADR) asosan 2411 ta korxona va tashkilot (dehqon va fermerlarsiz) roʻyxatga olingan boʻlsa shundan 1751 tasi faoliyat koʻrsatmoqda.  2023 yilning oʻtgan olti oyi davomida yangi tashkil etilgan korxona va tashkilotlar soni 230 tani tashkil qilmoqda.
Sanoat
2023 yilning yanvar-iyun oylarida, dastlabki maʼlumotlarga koʻra, tumanning sanoat korxonalari tomonidan 677.5 mlrd. soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlib, oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarish fizik hajm indeksi 96,2 foizni tashkil etdi. 2023 yil yakunlari boʻyicha  tumanning sanoat korxonalari koʻrsatkichini oʻtgan yilning tegishli davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarish fizik hajm indeksini 110.0 foizdan oshirish koʻzda tutilmoqda.
Qurilish
Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida Toyloq tumani boʻyicha jami 544.7 mlrd. soʻmlik qurilish ishlari bajarildi, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 110,3  foizni tashkil qildi. 
Yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 2023 yil yanvar-iyun oylari davomida 376,6 mlrd soʻm boʻlib, 2022 yilning shu davriga koʻra oʻsish surʼati 114,7 foizga bajarilgan hamda jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 1,033 foizni tashkil qilgan. 
Investitsiya
2023 yil yanvar-iyun oylarida asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan investitsiyalar 301,9 mlrd. soʻmni tashkil qilib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 142,8 % ni tashkil etdi.
Xizmatlar
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2023 yil yanvar-iyun oylari davomida koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmi 599,4 mlrd. soʻmga yetdi. Taqqoslama ekvivalentda oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 123,9 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga koʻrsatilgan bozor xizmatlari  hajmi 2764.6  ming soʻm boʻlib oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 121.0  foizni tashkil qilgan.
Qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2023 yilning yanvar–iyun oylarida qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi mahsulot (xizmat)larining umumiy hajmi 1066.8 mlrd. soʻmni yoki 2022 yilning mos davriga nisbatan 93.7 % ni, shu jumladan, dehqonchilik va chorvachilik, ovchilik va ushbu sohalarda koʻrsatilgan xizmatlar – 1141,6 mlrd. soʻm (93,3%ni), oʻrmon xoʻjaligi  – 18,49 mlrd. soʻm (102,1 %ni), baliq xoʻjaligi  – 0.04 mlrd. soʻm (5,3 %ni) tashkil qildi. Viloyat qishloq, oʻrmon va baliq xoʻjaligi tarkibida Toyloq tumaniining ulushi 7 % ni tashkil etdi.
Ichki savdo
Tumanda joriy yilning yanvar-iyun oylarida chakana savdo aylanmasi (umumiy ovqatlanishni qoʻshgan holda) 394.1 mlrd. soʻmni tashkil etdi va oʻsish surʼati oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 108.4 foizni tashkil qildi. Kichik korxona va mikrofirmalarning chakana savdo aylanmasi 116.3 mlrd. soʻm miqdorida baholandi. Oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati 92.5 foizni tashkil qilgan. 2023 yil yanvar-iyun oylari holatiga koʻra oʻrtacha aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi 1817.6 ming soʻm boʻlib oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 105,9  foizni tashkil qilgan.
Tashqi savdo
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida tumanning tashqi savdo aylanmasi 62362,7 ming. AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 71.4 foizga oshgan. Shu jumladan eksport hajmi 7768.0 ming. AQSH dollari, import  hajmi 54594.7 ming. AQSH dollariga teng boʻlgan. 
Hukumatimiz tomonidan sanoat tuzilmasini diversifikatsiya qilishda, eksportni qoʻllab quvvatlash, import oʻrnini bosuvchi tovar va mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada oshirilishi natijasida, eksport tarkibida sezilarli oʻzgarishga erishilmoqda.
Avaz NORMURATOV,
Tuman statistika bo‘limi boshlig‘i.

комментариев