Yoxud, hurmatli ish beruvchi, mehnat shartnomasini bekor qilishga shoshilmang!

Shu maqsadda O‘zbekiston mehnat qonunchiligi tubdan o‘zgartirildi. 2022- yil 28-oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘RQ-798 sonli Qonun qabul qilindi.
Amaldagi Mehnat kodeksi 2 ta qism, 15 bob va 294 ta moddadan iborat bo‘lsa, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi umumiy va maxsus qismlar, 7 bo‘lim, 34 bob va 581 moddadan iborat. Ko‘rinib turibdiki, yangi tahrirdagi kodeks amaldagisidan hajm jihatidan deyarli ikki baravar katta. Tabiiyki, yangi kodeksda yangiliklar ham shu qadar bisyor.
Xususan, eski kodeksning 97-moddasida bayon qilingan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari 6 ta bandni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, yangi kodeksda ushbu munosabatlar 11 banddan iborat 155-moddada o‘z aksini topgan. Mehnat shartnomasini bekor qilish borasida yangi kodeks eskisidan quyidagilar bilan farqlanadi:
– mehnat shartnomasini uning amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan bekor qilish to‘g‘risida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni ushbu asos bo‘yicha tugatishga qaror qilgan taraf boshqa tarafni mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida uch kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak (158-modda). Amaldagi (eski) kodeksda mazkur 3 kunlik ogohlantirish muddati mavjud emas;
– mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda tashkilot rahbari (2 oy), uning o‘rinbosarlari, tashkilotning bosh buxgalteri va tashkilot alohida bo‘linmasining rahbari(1 oy), mavsumiy xodimlar (3 kalendar kun), vaqtinchalik ishlarda band bo‘lgan shaxslar (3 kalendar kun), mikrofirmalar ish beruvchilarining xodimlari (7 kalendar kun), yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlaydigan shaxslar (7 kalendar kun), uy ishchilari (7 kalendar kun) oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda, o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga haqlidir. Ushbu qoidalar eski kodeksda mavjud emas;
– xodim sog‘lig‘i holati bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan boshqa ishga o‘tkazilishni rad etganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘langan holda bekor qilinishi mumkin. Mazkur qoidalarni ham amaldagi Mehnat kodeksidan topa olmaysiz;
– Mehnat kodeksi yoxud boshqa qonunlar alohida toifadagi xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarida mehnatga oid munosabatlarni tugatishning qo‘shimcha asoslari to‘g‘risidagi shartni nazarda tutish imkoniyatini mustahkamlaydigan hollarda mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar asosida bekor qilinadi. Mazkur qoidalar ham amaldagi kodeksida mavjud emas edi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, yangi Mehnat kodeksi 2023- yil 30- apreldan kuchga kiradi.
Xulosa qilib aytganda, yangi qonun xodimlarning mehnat huquqlari sudlar va boshqa organlar tomonidan ishonchli ta’minlanishiga, ish beruvchi va xodim o‘rtasida zamon talabidan kelib chiqib paydo bo‘ladigan turli mehnat munosabatlarining qonun yo‘li bilan tartibga solinishiga, ish samaradorligining oshishi va shu orqali davlatimiz iqtisodiyoti yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. Fuqaro sifatida siz-u bizning burchimiz esa kundalik hayotimizga bevosita aloqador bo‘lgan qonunchilik hujjatlaridan doimo boxabar bo‘lib borish, huquqlarimiz buzilganda qonun yo‘li bilan uni tiklashni talab qilish, shu bilan birga qonunlar bilan yuklatilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishdir.
J. SAFAROV,
Toyoq tuman adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti.
комментариев