QILMISH-QIDIRMISH

“Zahri qotil”ning ta’mini bir totib kо‘rgan kishi unga oshufta bо‘lib qolarkan. Kecha-yu-kunduz fikru-hayoli shu “zahri qotil”ni topish, chekib bir zum bо‘lsada “orom” olishni о‘ylarkan. Yoshi bir joyga borib qolgan, 6 nafar farzandning otasi, о‘nlab nevaralarning bobosi Jо‘rayev Abdujabbor (ism-sharifi о‘zgartirilgan) garchi nafaqada bо‘lsada, hali-xanuz “marixuana” giyohvandlik vositasini iste’mol qilishdan о‘zini tiyolmadi. Oqibatda esa, suyukli farzand va nevaralar qurshovida keksalik gashtini surish о‘rniga panjara ortida о‘tirishiga tо‘g‘ri keldi. A.Jо‘rayev har yili tomorqasining bir chetiga, begona о‘tlar orasiga kо‘p emas bir tupgina “kannabis” о‘simligi urug‘ini qadab, “mehr” bilan parvarish qiladi. Hosil pishib yetilgach, hech kimga, hatto oila-a’zolariga ham bildirmasdan avaylabgina yig‘ishtirib oladi. Bu yil ham shunday qildi. Endi kо‘ngli tо‘q, negaki bu yilgi olingan hosil bir о‘zi vaqti-vaqti bilan iste’mol qilib tursa, kelgusi yilgi pishiqchilikgacha yetadi. A.Jо‘rayev qishloqda aholidan qishloq xо‘jalik mahsulotlarini sotib olib, ustiga xizmat haqqini qо‘shib, boshqalarga sotish bilan ham shug‘ullanardi. Bir kuni “Abdujabbor” uy yumushlari bilan shug‘ullanib turganida, qо‘shni qishloqdan “Furqat” ismli yigit kelib, piyoz sotib olish istagini bildirgan. Ular uyga kirib suhbatlashishdi, avval choy, sо‘ngra aroq ichishdi. Gap orasida “Furqat” “marixuana” giyohvandlik vositasini topib, berishini ham iltimos qildi. A.Jо‘rayevga “Furqat”ning muomalasi, xarakteri ma’qul kelib qolganligi uchun yо‘q deya olmadi. Uyda sellofan paketga joylab qо‘ygan “marixuana” giyohvandlik vositasini olib chiqib, yarmini unga uzatdi. Evaziga “Furqat” chо‘ntagidan 400 ming sо‘m pul olib beradi. Oradan bir oz vaqt о‘tib, “Abdujabbor”ning bu jinoiy qilmishi Bulung‘ur tuman IIB JQB xodimlari tomonidan о‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi. Sud, sudlanuvchi “Abdujabbor”ni О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 270-moddasi va 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topib, JKning 57-moddasini qо‘llab, 5 (besh) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Bugingi kunda ushbu jirkanch illatning orqasidan jamiyatda salbiy oqibatlar, ularni iste’mol qilish natijasida esa aholi genefondining zararlanishi kabi holatlar yuzaga kelmoqda. Buning oldini olish uchun о‘sib kelayotgan yosh avlodni zararli ofatlardan asrash xar bir fuqaroning burchi ekanligini yana bir bor anglamog‘imiz darkor.                                                                     
   Tо‘lqin SHERBOYEV

комментариев