Botir KOZIMOV,
Bog‘izog‘on vino zavodi direktori
Bog‘izog‘on vino zavodi direktori
Kirish.
O‘zbekiston, xususan, Samarqand zamini qadimdan nafaqat boy tarix va madaniyati, balki o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoitlari tufayli turli madaniyatlar, jumladan, uzumchilik va vinochilikning rivojlanishi uchun ham qulay manzilgoh bo‘lib kelgan. Toyloq tumanida vinochilik sohasining shakllanish va rivojlanish tarixi shu buyuk an’analarning davomi sifatida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Bu maqolada biz tumanda vinochilikning qadimgi ildizlaridan zamonaviy taraqqiyotigacha bo‘lgan sarguzashtini, bu yo‘lda uchragan qiyinchiliklarni, hamda bugungi kundagi yutuqlarni yoritib berishni maqsad qildik.
Qadimgi ildizlar va tanazzul. Samarqandda vinochilik tarixi taxminan 6 ming yil oldin uzum madaniyatining vujudga kelishi bilan bog‘liq. O‘sha davrlardayoq uzum yetishtirish va vino tayyorlashning yuqori darajadagi texnik usullari mavjud bo‘lgan, bu esa mahalliy aholining bu sohada ulkan tajriba to‘plaganidan dalolat beradi. Arxeologik topilmalar va tarixiy manbalar mintaqada qadimdan yuqori sifatli vinolar ishlab chiqarilganligidan guvohlik beradi. Biroq, Markaziy Osiyoga arablarning kirib kelishi bilan bu an’ana asta-sekin o‘z maromini yo‘qotib boradi. Islom dinining ta’limotlariga ko‘ra, sharob iste’moli va uning ishlab chiqarilishi taqiqlangan, bu esa mintaqada vinochilikning susayishiga olib keldi. Shu tariqa, an’anaviy qadimgi vinochilik an’analari deyarli yo‘q bo‘lib ketdi.
Yangi davr
O‘zbekiston hududlari Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinganidan so‘ng, mintaqada iqtisodiy va sanoat hayotida yangi davr boshlandi. Ana shu davrda, aynan Samarqandda, zamonaviy sanoat vinochiligining asoschisi sifatida tan olingan Dmitriy Filatovning faoliyati boshlanadi. 1860 yillarda Samarqandga kelgan Filatov, bu yerning uzum yetishtirish va vino ishlab chiqarish uchun beqiyos salohiyatini payqadi. U o‘z savdo do‘konini ochib, mintaqada birinchilardan bo‘lib vino ishlab chiqarish zavodini qurishga kirishadi.
Mahalliy aholidan sotib olingan uzumdan tayyorlangan ilk vinolar muvaffaqiyat qozonadi. Filatov esa birinchilardan bo‘lib Yevropaning qator mashhur uzum navlarini (pti-verdo, kaberne-savinon, venger muskati, saperavi, risling va boshqalar) o‘z plantatsiyalariga ekdi. Uning korxonasi tez sur’atlarda rivojlanib, 1881 yilda 1200 chelak, 1900 yilda esa 70 000 chelakdan ortiq vino ishlab chiqara boshladi.
Filatovning bu yutuqlari chor hukumati e’tiboridan chetda qolmadi. Natijada, 1904 yilda Samarqandda butun Turkiston viloyatida yagona bo‘lgan bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik maktabi ochiladi. Bu esa sohada mutaxassislar tayyorlashga yo‘l ochdi.
Ilmiy asos va qiyinchiliklar.
1927 yilda Samarqandga Rossiya kimyogari, professor M. A. Xovrenko kelishi bilan zavodning vino tayyorlash va saqlash texnologiyalarida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y beradi. Xovrenko Samarqandda vinochilikni ilmiy-tadqiqot asosida rivojlantirishga katta e’tibor qaratdi. Biroq, Ikkinchi jahon urushi yillarida korxona front ehtiyojlari uchun texnik spirt ishlab chiqarishga o‘tkaziladi va sharob mahsulotlari ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Urush tugaganidan so‘ng, 1946 yildagina vinochilik an’analari qayta tiklanadi.Bog‘izog'on vino zavodi: Bunyodkorlik va taraqqiyot.
Bugungi kunda Toyloq tumani iqtisodiyotining markaziy o‘rinlaridan birini egallab turgan Bog‘izagan vino zavodining tarixi 1964 yilda Samarqand M. Xovrenko vino zavodi tarkibida uzum yig‘ish va qayta ishlash markazining tashkil etilishi bilan bog‘liq. Uzoq yillar davomida bu markaz mahalliy uzumlardan sifatli vinolar tayyorlashga hissa qo‘shdi.
Bugungi kunda Toyloq tumani xalq xo‘jaligi infratuzilmasining markaziy bo‘g‘inlaridan biriga aylangan Bog‘izog'on vino zavodining tarixi 1964 yilda Samarqand M.Xovrenko vino zavodida uzum yig‘ish va qayta ishlash markazining tashkil etilishi bilan bevosita bog‘liq.
Punkt boshlig‘i vazifasini dastlabki vaqtlarda taniqli vino ishlab chiqaruvchi tadbirkor Valeriy Kazimov bajargan va 1980 yilda bu lavozimini uning amaki ukasi Botir Kazimov egallaydi, keyinchalik esa u o‘z zavodini ochadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1993 yilda zavod xususiylashtirilib, to‘liq sikl shaklidagi zamonaviy korxonaga aylantiriladi. Tashqi bozordagi raqobatga tayyor bo‘lish maqsadida, 2003 yilda zavod 400 gektar yerni ijaraga olib, o‘z uzumzorlarini yaratishga kirishadi. Afsuski, sobiq Ittifoq davrida alkogolizmga qarshi kurash niqobi ostida Toyloq tumanidagi minglab gektar serhosil uzumzorlarning vayron qilinganligini ta’kidlash joiz.
2007 yilda zavod o‘z uzumzorlaridan birinchi hosilni yig‘ib oladi, bu esa dunyoga mashhur bo‘lgan yangi tanlangan sharoblar uchun zamin yaratadi. Zavodning ochilishi tuman aholisi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratib, tumanning eksport salohiyatini oshiradi. 2010 yilga kelib, xodimlar soni 12 nafardan 700 nafarga, mavsumiy ishchilar soni 800 nafarga, qayta ishlangan uzum hajmi 300 tonnadan 7000 tonnagacha o‘sdi. Oyiga 500 ming shisha vino mahsulotlari ishlab chiqarila boshladi. So‘nggi uch yil ichida 115,8 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, jumladan, Qirg‘izistonga 566,2 ming AQSH dollarlik vinomaterial va konyak distillyati xom ashyosi eksport qilindi.
Bog‘izagon vino zavodi sharob mahsulotlarini MDH mamlakatlari, Tailand, Xitoy va Yaponiyaga eksport qiladi. Bu esa O‘zbekistonda vinochilikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish orqali mintaqa iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tabiiy sharoitlar va mahsulotlarning o‘ziga xosligi. Toyloq tumanida uzumchilik rivoji uchun qulay tabiiy sharoitlar mavjud. Zarafshon daryosi va tog‘lar yaqinligi o‘ziga xos iliq, moʻtadil kontinental iqlimni yaratadi. Quyoshli kunlar, muvozanatli havo harorati uzumning barvaqt va to‘liq pishishiga yordam beradi.
Zavodning alohida g‘ururi – ishlab chiqariladigan vino va vermutlardir. Ularning tabiiyligi, sifati va o‘ziga xosligi asosiy afzalliklaridir. Ayniqsa, tabiiy tog‘ o‘tlari va ziravorlar qo‘shilgan vermutlar sun’iy aralashmalardan xoli, ular Kavkaz mintaqasida yetishtirilgan o‘simliklardan tayyorlanadi. Klassik vermutlardan tashqari, yengil vermutlar (alkogol va shakar miqdori kam) va yalpiz-qalampirli vermutlar ham yaratilgan. Bog‘izagon MCHJ asosiy faoliyati 20 dan ortiq turdagi vino va distillatsiya mahsulotlari, konyak va konyak spirtini ishlab chiqarishdan iborat.
Xulosa
Bog‘izog‘on vino zavodi jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 3 avgustdagi “2023 — 2026 yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-260-son qarorida belgilangan mamlakatimizda uzumchilik va vinochilik sohasini kelgusida yanada barqaror rivojlantirish maqsadida xo‘raki, kishmishbop va sanoatbop yangi navlarini yaratish, 2023-2026 yillarda yangi plantatsiyalar yaratish orqali uzumning texnik (vino) navlarinini ishlab chiqarishni ko‘paytirish, mahalliy sharoitda “ in-vitro” laboratoriyalarida ko‘chatlarni yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida sobitqadamlik bilan mehnat qilmoqdalar.

комментариев