» » Fuqarolik sudlarida ishlar endi soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqiladi

Fuqarolik sudlarida ishlar endi soddalashtirilgan tartibda koʻrib chiqiladi

“Sudga murojaat qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va fuqarolik protsessiga soddalashtirilgan ish yuritish tartibi joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti kiritildi.
Daʼvoning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan BHMning 20 baravaridan, YATTga nisbatan 10 baravaridan, jismoniy shaxslarga nisbatan esa 5 baravaridan oshmasa, ishlar soddalashtirilgan tartibida koʻrib chiqiladi.
Soddalashtirilgan tartibda ish qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi ajrimda javobgarga daʼvo arizasiga doir yozma fikrni taqdim etishi zarurligini koʻrsatadi va uni javobgarga yuboradi.
Javobgar daʼvo arizasiga doir yozma fikrini sudga oʻzi asoslanayotgan hujjatlar va dalillarni ilova qilgan holda taqdim etishga haqli.
Soddalashtirilgan tartibda ish ajrim chiqarilgan kundan 20 kundan oshmagan muddatda yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Ishni soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqish muddati uzaytirilmaydi.
Sud soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ishni sud muhokamasini oʻtkazmasdan, taraflarni chaqirtirmasdan va ularning tushuntirishlarini eshitmasdan koʻrib chiqadi.
Sud taraflar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda bayon qilingan tushuntirishlarni, eʼtirozlarni va (yoki) vajlarni tekshiradi, dalillar bilan tanishadi hamda hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Z. Allabayev,
Samarqand viloyat sudi raisi oʻrinbosari.

комментариев