» » Mahalliy sanoat – barqaror iqtisodiy o‘sishning tayanchi

Mahalliy sanoat – barqaror iqtisodiy o‘sishning tayanchi

      O‘zbekistonda mahalliy sanoatni rivojlantirish sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi.       Yig‘ilishda 2024-yilning dastlabki to‘rt oyida sanoat sohasida 6,3 foizlik o‘sish kuzatilgani va umumiy ishlab chiqarish hajmi 290 trillion so‘mga yetgani ta’kidlandi. Ushbu yutuqlar o‘z vaqtida qabul qilingan qarorlar samarasi sifatida baholandi.
       Shu bilan birga, ayrim hududlarda, xususan Payariq, Paxtachi, Sergeli va Yashnobod tumanlarida sanoat ishlab chiqarish hajmi kamaygani qayd etildi. Bu holatlar vertikal boshqaruv tizimini kuchaytirish, tezkor va samarali qarorlar qabul qilish zaruratini yuzaga chiqardi.
        Yig‘ilishda sanoatni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, milliy mahsulotlarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish, eksport salohiyatini kuchaytirish va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lishga ko‘maklashish rejalashtirildi.
         Milliy brendlarning jahon bozoriga chiqishini ta’minlash, shu jumladan, ularni qo‘llab-quvvatlash kompaniyasini tashkil etish, “Mall of Uzbekistan” kabi yirik savdo markazlarini barpo etish, ichki bozorni rivojlantirishga xizmat qiladi.
       Mebelsozlik sanoatiga maxsus imtiyozlar berilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, zargarlik sanoati yangi bosqichga olib chiqiladi. Bu borada xorijiy mutaxassislarni jalb etish va ularning xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish ko‘zda tutilgan.
       Importni qisqartirish maqsadida mahalliy qurilish materiallari uchun moliyaviy tizimlar joriy etiladi. Mahsulot sifatini nazorat qilish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlash asosiy vazifalar qatoriga kiradi.
       Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlar O‘zbekistonda mahalliy sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash hamda aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Moʻtabar YOʻLDOSHEVA,
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati

комментариев