» » Gulga mehr tadbirkorlikka yo‘l ochdi

Gulga mehr tadbirkorlikka yo‘l ochdi

Bunyodkor mahallasida yashovchi Salima Baxronova gulchilik bilan shug‘ullanib, o‘z mehnati va tashabbusi bilan tadbirkorlik yo‘lini tanlagan ayollardan biridir.
U gulga bo‘lgan mehrini kasbga aylantirib, bugungi kunda mahallada namuna bo‘layotgan tadbirkorlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Salima Baxronova yaqinlarining tavsiyasi va qo‘llab-quvvatlashi bilan 20 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona tashkil etdi. Dastlab kichik hajmda boshlangan ish bugun tobora kengayib, serdaromad faoliyatga aylanib bormoqda. Issiqxonada turli xil xona gullari yetishtirilib, ularning parvarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirkor bugungi kunda 10 dan ortiq turdagi xona gullarini yetishtirib, ularni bozorga taklif qilmoqda. Har bir gulning o‘sish sharoiti, sug‘orish, o‘g‘itlash va parvarish jarayonlari sinchkovlik bilan olib boriladi. Chunki sifatli mahsulot yetishtirish uchun sabr, mehr va mehnat zarur.
Ayni paytda issiqxonada 60 ming dona geran xona o‘simligi parvarish qilinib, bozorga chiqarishga tayyor holatga keltirilgan. Bu esa Salima Baxronovaning mehnati va izlanishlari samarasidir. Geran gullari o‘zining chiroyli ko‘rinishi, rang-barangligi va xona sharoitiga mosligi bilan xaridorlar orasida talabgir hisoblanadi.
Issiqxonada ishlar faqatgina Salima Baxronovaning o‘zi bilan cheklanib qolmaydi. Unga yaqinlari — ukasi, otasi hamda kelini ham yordam berib, birgalikda mehnat qilmoqda. Oila a’zolarining hamjihatligi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashi natijasida issiqxonadagi ishlar samarali tashkil etilgan. Bu esa nafaqat oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga, balki oila daromadini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Salima Baxronova kelgusida issiqxona faoliyatini yanada kengaytirib, gul turlarini ko‘paytirish, yangi navlarni yetishtirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, mahallada gulchilikni rivojlantirish orqali yana bir qancha fuqarolarni ish bilan ta’minlash niyatida.
Darhaqiqat, gulga bo‘lgan mehr, tinimsiz mehnat va qat’iyat har qanday insonni muvaffaqiyat sari yetaklaydi. Salima Baxronovaning faoliyati esa bunyodkorlik, mehnatsevarlik va tadbirkorlikning yorqin namunasidir.      Azizjon Orzimurodov.

комментариев