Har bir korxonaning taraqqiyoti, avvalo, uni boshqarayotgan rahbarning bilimi, tajribasi va tashabbuskorligiga bog‘liq. “Bog‘izog‘on” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Botir Kazimov ham o‘z faoliyati davomida korxona rivoji, mahsulot sifatini oshirish va jamoa uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.Korxona rahbari ishlab chiqarish jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va mahsulot sifatini yanada yaxshilashni muhim vazifalardan biri deb biladi. Bu borada yangi texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va mutaxassislar malakasini oshirishga katta ahamiyat berilmoqda.
Direktorning rahbar sifatidagi asosiy fazilatlaridan biri — jamoa bilan yaqin ishlashidir. Korxonada har bir xodimning mehnati qadrlanishi, ularning taklif va tashabbuslari inobatga olinishi ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bugun zavodda ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan bir qatorda mahsulotning sifat ko‘rsatkichlariga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Chunki zamonaviy bozorda raqobatbardoshlik faqat miqdor bilan emas, balki sifat, ishonch va iste’molchi talabini qondirish bilan belgilanadi.
Botir akaning fikricha, har qanday muvaffaqiyat ortida fidoyi mehnat, intizom va jamoaviy hamjihatlik turadi. Shu bois korxonada yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, tajribali xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini yoshlarga o‘rgatishiga sharoit yaratishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Zavod jamoasi bugungi yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, kelgusida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, mahsulot sifatini oshirish va korxona salohiyatini yuksaltirishni maqsad qilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Botir Kazimov rahbarligidagi korxonada mehnat, mas’uliyat va yangilikka intilish uyg‘unlashib, uning barqaror rivoji uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Bog‘izagon vino zavodi sharob mahsulotlarini MDH mamlakatlari, Tailand, Xitoy va Yaponiyaga eksport qiladi. Bu esa O‘zbekistonda vinochilikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish orqali mintaqa iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 13-avgust kuni Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun o‘nlab ishbilarmonlar faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. “Bog‘izog‘on” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Botir aka Kazimovning “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanishi tumandoshlarimiz qalbida faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
Tinimsiz mehnat bir kuni albatta o‘z samarasini beradi. O‘z kasbining ustasi, tajribakor rahbarni ushbu yuksak mukofot bilan qutlaymiz.
Ahil jamoaning kelgusida dunyo miqyosidagi buyuk natijalarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz.
D. KAMOLOVA.

комментариев